Bosh sahifa E'tirof Asalarichilik:mehnati yengil, daromadli soha

Asalarichilik:mehnati yengil, daromadli soha

0

Ba’zan me’yordan oshganlarga dakki bersak, “Asalning ham ozi shirin” jumlasini ishlatamiz. Yevropada esa tinib-tinchimaydigan odamlar haqida “Asalaridek band”, degan o‘xshatish bor. Darhaqiqat 4500 yillik tarixga ega asalarichilik to bugunga qadar dunyo kishilarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga singib ketgan sohalardan sanaladi.

Xitoy, Argentina, Meksika kabi davlatlar bugungi kunda jahon bozorida asal eksporti bo‘yicha yetakchi sanaladi. Ayni paytda ushbu mamlakatlar nafaqat asal, balki asalari suti, hatto zahrini ham chetga sotishda yetakchilik qilmoqda.

Yevropada kishilarning yillik asal iste’mol qilishi o‘rtacha 2-4 kilogrammni tashkil etadi. Yurtimizda esa asal istyemoli ancha past. Shuni inobatga olgan holda, aholini sifatli, arzon asal mahsuloti bilan ta’minlash dolzarb masala sanaladi.

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror asosida mazkur tarmoq yuzasidan keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi. Avvalo, qarorga muvofiq “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi tashkil etildi. Shuningdek, asalarichilik sohasida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash maqsadida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Farg‘ona davlat universitetida zootexnika fakultetini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Endilikda asalarichilik xo‘jaliklari tomonidan asal yig‘ish mavsumi davomida qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish bepul amalga oshiriladi. 2023 yilning 1 yanvarigacha yurtimizga olib kiriladigan asalarichilik mahsulotlari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etildi. Albatta, bu imtiyozlar soha rivojlanishi bilan bir qatorda yurtimiz asalarichilik mahsulotlari eksportini kengaytirish, iqtisodiyotda undan keladigan daromad hajmini kengaytirishga erishiladi. Bundan tashqari, yurtimiz asalarichigi oldida turgan bir qator dolzarb masalalar – asalarichilikni o‘rganish uchun o‘zbek tilidagi adabiyotlarni ko‘paytirish, sohaga oid asbob-uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, asalari kasalliklarini davolashda ularni dori-darmon bilan ta’minlash, asalarichilarning malakasini oshirish, yurtimiz farmatsevtikasida asalarichilik mahsulotlaridan dori-darmon ishlab chiqarish ishlari ham samarali yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyatimiz misolida aytadigan bo‘lsak, hududda har yili o‘rtacha 850-900 kilogramm asal yetishtirilmoqda. Hozirda asalarichilik sohasi bilan shug‘ullanayotgan subyektlar soni 700 tadan ortiqni tashkil etadi.

– Bu foydali hasharot yordamida changlatilgan bog‘ va ekin maydon­lari­da hosildorlik 25-30 foizgacha oshishi isbotlangan, – deydi biz bilan suhbatda karmanalik, asalari parvarishida 21 yillik tajribaga ega Amina opa Orziyeva. – Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bitta asa­lari bir kilogramm asalni yig‘ish uchun yer sha­rini to‘rt marta aylanib chiqishga teng maso­fani bosib o‘tishi kerak ekan. Sizga arzimasdek tuyuladigan bu mitti hasharotning kishini hayratga soladigan ana shunday tomonlari juda ko‘p.

Garchi ta’lim sohasida 30 yildan ortiqroq vaqt ishlab, nafaqaga chiqqan bo‘lsada A.Orziyeva asalarichilikda ham chuqur bilimga ega inson. Oila boshlig‘i Hamza aka Abdullayev bilan birgalikda 4 nafar farzandni voyaga yetkazib, ularni shifokorlik, o‘qituvchilik kasblariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashishdi.Ushbu oilada asalariga qiziqmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Ularning sa’y-harkati bilan bugungi kunda 40 asalari parvarishlanib, o‘rtacha 600 kilogramm asal yetishtirilmoqda.

Yurtimizning iqlim sharoiti, tabiati asalarichilikni kengaytirishda o‘ziga xos muhim ahamiyatga ega. Aslida, 15-20 yillar avval qishloqlarimizda – har bir xonadonda, hech bo‘lmaganda har bir ko‘chada asalari boqmaydigan oilani uchratish mushkul edi. Keyinchalik ushbu soha kishilar e’tiboridan cheta qolib ketdi. Endilikda bu borada amalga oshiriladigan ishlar hududlarda aholi bandligi masalasida ham samarali yechim bo‘ladi, deyishimiz mumkin.