Bosh sahifa E'tirof Bedanachilik: mo‘may daromadga tayyormisiz?

Bedanachilik: mo‘may daromadga tayyormisiz?

0

Bedanachilik bugungi kunda viloyatimizda tez ommalashyotgan tadbirkorlikning istiqbolli sohalaridan biriga aylanmoqda. Bedana boqib daromad olayotgan xonadonlar soni, ayniqsa Karmana, Navbahor tumanlari, Navoiy shahrida ko‘plab topiladi.

Navoiy shahri “Istiqlol” mahallasida istiqomat qilayotgan Shuhrat Istamov bedanachilikda katta tajribaga ega ishbilarmonlardan. U 25 yildan buyon bedana parvarishlab, bozorga shifobaxsh tuxumlar yetkazib berayapti.

– Bedana o‘zi kichik qush bo‘lsa-da, iqtisodiy samaradorligi juda yuqori, – deydi tadbirkor. – Bedanachilik kamxarajat, biroq serdaromad soha. Qisqa fursatda mahsulot beradigan bitta bedananing kunlik ozuqa miqdori 26 gramm omixta yemdan oshmaydi. Eng qizig‘i, uning ozuqasiga antibiotik va turli o‘stiruvchi sun’iy moddalar qo‘shilmaydi. Bedananing tana harorati 42 darajada bo‘lgani uchun infeksiya unga yaqin yo‘lamaydi. Shu bois, ularni parvarishlashda hech qanday antibiotikka ehtiyoj yo‘q. Boshqa parrandalardan farqli o‘laroq, bedana 45-50 kunda tuxum bera boshlaydi. Menda bedananing faqat “yapon” zoti bor. U anchagina sermahsul bo‘lib, tuxum ko‘p beradi. Odam bedana tuxumlarini har kuni iste’mol qilsa, uning imuniteti yuqori bo‘ladi. Shundan bo‘lsa kerak, unga bo‘lgan talab kundan-kunga ortayapti. Bu soha hayotimizni yanada fa­­rovon bo‘lishiga, ro‘zg‘orimizga baraka kirishiga xizmat qilmoqda. Kelgusidagi rejalarim bisyor. Shahar hududidan 14 sotixli yer olib, parrandachilik fermasini ochmoqchiman.

Sh.Istamovning parrandachilik xo‘jaligini ko‘zdan kechirarkanmiz, xonadon egasining mirishkorligi bizni qoyil qoldirdi. Ushbu xo‘jalikda ayni kunlarda 2000 bosh bedana, 200 boshga yaqin g‘oz va o‘rdaklar parvarishlanmoqda. Kuniga 1500 donagacha bedana tuxumi bozorlarga chiqarilayapti.

Karmana tumanidagi “Yangi avlod tekstil” oilaviy korxonasi ham ana shu soha bilan shug‘ullanayotgan subyektlardan biri bo‘lib, hozirda korxonada 1200 bosh parranda parvarishlanmoqda. Yarim yil avval 600 bosh bedana bilan ish boshlangan bo‘lsa, o‘tgan davr mobaynida bedana boqish istagidagi o‘nlab aholiga parranda yetkazib ham berildi.

 — Bedananing “Manjuriya”, “Yapon” kabi zotlarini parvarishlaymiz, – deydi biz bilan suhbatda korxona rahbari A.Nusratullayev. – Ushbu mitti parranda inkubatsiya sharoitida 17 kunda tuxumdan jo‘ja ochib chiqadi. Ular boqiladigan xonalar doimo bir xil haroratda, ya’ni 25-30 daraja issiq bo‘lishi lozim. Bedana yaxshi parvarishlansa undan 70-80 foiz tuxum olish mumkin. Go‘sht yo‘nalishidagi bedanalar esa 400-450 grammgacha tosh bosadi. Bedana boqiladigan xonaning shamol kiradigan tirqishlari bo‘lmasa bas, qishda katakni isitishning hojati yo‘q. Yozda esa, albatta, xonalar havosini doimo almashtirib turish, buning uchun vintilyatsiya o‘rtanish lozim.

Agar aniq hisob-kitoblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1 bosh bedana kuniga 25-30 gramm maxsus yem yeydi. Ming bosh bedanaga esa oyiga o‘rtacha 900 kilogramm yem kerak. Mingta bedana kuniga o‘rtacha 800 donadan tuxum tug‘sa siz ularni 200 (Qish mavsumida talab ham, narx ham oshadi) so‘mdan pullashingiz mumkin. Bu degani yem uchun 2,2 million so‘m sarflab, 4,8 million so‘m daromadga ega bo‘lasiz. Xullas, sof foyda xarajatni bemalol qoplaydi. Bundan tashqari, bedana boqish sizdan ko‘p joy talab qilmaydi, 4×7 katttalikdagi xonada 1,5, 2 ming boshgacha parranda parvarishlash mumkin.

Bedana tuxumi hamda go‘shtining shifobaxshligini hisobga olsak, unga bo‘lgan talab har doim yuqori bo‘lib qolaveradi. Buni anglagan ishbilarmonlarimiz bedanachilik ortidan ham o‘zlari manfaat ko‘rishmoqda, ham boshqalarni sifatli, arzon va shifobaxsh mahsulot bilan ta’minlashayapti.

Umuman olganda yo‘qdan bor qilayotgan, birni o‘nga aylantirayotgan odam – bunyodkor odam. Bu ta’rif bedanachilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarimizga ham to‘la mos keladi.