Bosh sahifa Loyihalar Chaqmoqtosh

Chaqmoqtosh

0

Tun cho‘kish arafasida. Hovli o‘rtasidagi chorpoya ustiga dasturxon to‘shalib, jamiki yoz ne’matlari keltirib qo‘yilgan. Kelin tandirxonada dimlangan oshni kapkirda ag‘darish bilan ovora. O‘g‘lini chaqirib, barchani ovqatga chaqirib kelishini tayinladi.

Osh suzildihamki bolalardan bo‘lak hech kim chorpoyada ko‘rinmadi. Kelin ko‘chaga chiqib qarasa qaynonasi kampirlar bilan suhbatlashib o‘tiribdi, qaynota esa raqibi bilan shaxmat surish bilan band.

– Oyijon, ovqatga keling. Dadamni chaqiring oshni suzdim. Sovimasin.

Har kuni barchani kechki ovqatga o‘zlari chorlaydigan qariyalar negadir bugun hayallashdi. Ularning bu “injiqligi” kelinning jahlini chiqardi.

– Kelishsa osh yeyishadi, bo‘lmasa tosh!, – degan gap uning og‘zidan chiqib ketdi shu payt. Atrofga alanglab eri aytgan so‘zlarini eshitganini ko‘rib, hijolatlandi, hatto cho‘chiy boshladi. Biroq, er u kutmagandek lom-mim demay lagan oldiga kelib o‘tirdi. Hamma jamuljam bo‘lgach, oshga qo‘l uzatildi. Keksalar kelinlarini maqtab, ovqatdan mazza qilib tanovvul qilishdi.

Hamma uyquga ketdi. Kelin idish-tovoqlarni yuvgach, xonaga kirmoqchi bo‘lganida, eri uning yo‘lini to‘sdi:

– Tandirxonada qayroqtosh bor. Shuni olib kel!

Yo‘q bu gap jahl bilan emas, qandaydir bosiqlik va buyruq ohangida yangradi.

–….! – Xotin nimadir demoqchi bo‘ldi.

– Tez bo‘l!

U ilojsiz qoldi. Toshni olib kelib, eriga ko‘rsatdi.

– Endi ota-onangni uyiga boramiz. Sen mening ota-onamga yedirmoqchi bo‘lgan toshingni ularga ham berib ko‘rchi!

Er xotinining boya aytgan gaplaridan qattiq ranjigan edi. Urib-so‘kmay unga yaxshigina saboq berib qo‘ymoqchi bo‘ldi.

Xotin taraddudlandi. Shu paytda-ya? Ota-onasi nima deb o‘ylaydi? Ularga nima deb javob beradi?

– Boshqa unday demayman. Kechiring…, – yalinishga tushdi. Erning yuzidagi jiddiy qiyofa o‘zgarmadi. Xotinining qo‘lidan tortib uni darvozaxona tashqarisidagi mashinaga olib borib o‘tirg‘izdi.

Juvonning oyoq-qo‘li qaltirardi. Yo‘l bo‘yi qandaydir bahona axtarar, kallasiga biror jo‘yali fikr kelmasdi. Katta qizi o‘sha yoqda, hech bo‘lmasa uni ko‘rgim keldi, der. Soat kechki 12 da-ya! Erining qosh-qovog‘iga qararkan uning qiyofasi battar xavotirini oshirdi.

– Ota-onangga telefon qil, borayapmiz, deb ayt.

Xotin titroq bosgan qo‘llari bilan telefonning kerakli tugmalarini zo‘rg‘a terarkan, onasining “tinchlikmi, nima gap?” degan savolini ham javobsiz qoldirdi.

Manzilga yetib borisharkan choli-kampir ularni darvozaxonada bezovtalanib kutib turishardi. Hol-ahvol so‘rashishgach kutilmagan tashrifning sababi to‘g‘risidagi savol avvalo kuyovga berildi. Xayriyat, xotini kutgan javob bo‘ldi:

– Qizimizni sog‘indik. Ko‘rgimiz keldi.

Chol-kampirning bu gapdan so‘ng xavotiri arirkan, kuyovi bilan qizini ichkariga taklif qilishdi. Dasturxon yozilib, bir piyola choy ustida gurung bo‘lib o‘tdi.

Yotib qolishga unamagan mehmonlar endigina uyqudan turgan qizlarini olib, ortlariga qaytishdi. Yo‘lda qizaloq yuzida kulgu porlab turgan onasini savolga tutdi:

– Oyijon nega bobomlarnikida uxlab qolmadik. Hamma yoq qorong‘i-ku!

Ona kaftida mahkam tutib olgan toshni qiziga berarkan, shunday dedi:

– Qizim, manavini asrab yur. Katta bo‘lganingda hammasini senga tushuntiraman.

Hech kim hech narsani sezmadi. Er-xotinning ertalabga yaqin uyga yetib kelishganlarini birov payqagani yo‘q. Tong saharlab er ishga borarkan qizini ham shahardagi bog‘chaga eltib qo‘yish uchun o‘zi bilan birga olib ketdi.

Qaynona va qaynota shu kundan boshlab kelinlari yanaham xushmuomalaliroq bo‘lib qolganligini fahmlashdi, xolos.