Bosh sahifa Bu qiziq Dunyoni zabt etgan antiqa o‘yinchoq yoki «sehrli kub” haqida nimalarni bilasiz?

Dunyoni zabt etgan antiqa o‘yinchoq yoki «sehrli kub” haqida nimalarni bilasiz?

0

Ba’zan ixtirolar tasodifan amalga oshadi yoki birinchi marotaba yaratilayotganda maqsad boshqa bo‘lib, keyinchalik mutlaqo boshqa tomonga o‘zgargan holatlar ham yo‘q emas. Sizu bizga tanish «Kubik-rubik” o‘yinchog‘i tarixi ham ana shunga borib taqaladi.

Vengriyalik haykaltarosh, vunderkind, arxitektura o‘qituvchisi Erno Rubik 1970 yillarda Budapeshtdagi Amaliy san’at akademiyasining dizayn interyera bo‘limida ishlagan. O‘sha davrlarda E. Rubik o‘z talabalariga uch o‘lchamli jimslar borasidagi bilimlarni soddalashtirib o‘rgatishga ko‘maklashadigan asbob yaratishga bel bog‘laydi. Bir guruh talabalar bilan bir kun 27 ta yog‘ochli kublarni yasaydi, har birini esa 6 xil ranglarga bo‘yaydi. Kutilmaganda ulardan yagona kubni yaratish mushkul ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ammo, eng qiyini esa uning ichki mexanizmini yaratish bo‘ldi. 1 oylik mashaqqat yakunida E.Rubik tomonidan “Magik kub” (”Sehrli kub”), deb nomlangan asbob yaratiladi. U 1970 yil, 30 yanvarda o‘z ixtirosi uchun venger patentini olgan.
Birinchi Rubik kublari Budapeshtdagi o‘yinchoq do‘konlar uchun 1977 yilda ishlab chiqarilgan. Ushbu boshqotirma o‘yinchoq to‘satdan kompyuterlar tadbirkori Tibor Latsi qiziqishini uyg‘otdi. Matematika bilan mashg‘ul bo‘lgan Latsini o‘yinchoq hayratga soldi va u ertasi kuniyoq davlat savdo firmasi Konsumexga keldi. Ularga kublarni sharqda sotishni taklif etdi va o‘sha yerda Rubik bilan tanishdi.
Budapeshtda 1979 yili, sentyabr oyidagi uchrashuvlarda, yirik amerika kompaniyasi “Ideal Toy Korporeyshin” bilan AQSHga million dona kub yetkazib berilishi uchun kelishuv tuzildi. Muloqotlar jarayonida yana bitta muammoga duch kelindi — kub uchun xalqaro patent olinmagan edi. 1980 yilning boshlarida ”Magic kub” nomi shu tariqa “Rubiks kub” (”Rubikning kublari”)ga o‘zgartirildi.
Mazkur yilning o‘zida dunyo bo‘ylab million donadan ortiq kublar (agar ularni yonma-yon terib chiqilsa, yer sharini o‘rash mumkin) sotilgan. 1980 hamda 1981 yillarda «Kubik-rubik” ketma-ket yil o‘yinchog‘i nomini olgan.
1983 yildan esa kubikni tez yig‘ish borasida butunjahon musobaqasi bo‘lib o‘tadi. 2003 yildan boshlab Jahon kubok tashkiloti tomonidan har ikki yilda dunyoning eng kuchli rubikerlari ishtirokida kubik-rubik bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish an’anaga aylangan. Amaldagi jahon rekordi 5,55 soniyaga teng. Mazkur rekord gollandiyalik Mats Valkka tegishli.
“Kubik-Rubik” ayni paytda butun dunyo biladigan, kattayu-kichikka birdek yoqadigan o‘yinchoq sanaladi. Ilk kub taxtadan yasalgan bo‘lsa, hozirda uning ishqibozlari tomonidan olmosdan yasattirilgan ”Kubik-rubik”lar ham yo‘q emas.

“Agar sen sinchikov bo‘lsang atrofingdagi jumboqlarni payqaysan. Bordiyu ularni hal etishga kirishsang har bir narsaning yechimi bor”, – bu Erno Rubikka tegishli fikr. Shaxmat, domino kabi jahon biladigan o‘yinlar tilga olinganda, albatta ”Kubik-rubik” ham eslanadi.
Sababi uning zavqi, murakkabligi har doim kishilarni o‘ziga jalb qilib qolaveradi.