Bosh sahifa Jamiyat GLOBALLASHUV SHAROITIDA SHAXS MA’NAVIY QIYOFASINI SHAKLLANTIRISHDA MILLIY QADRIYATLARNING O’RNI

GLOBALLASHUV SHAROITIDA SHAXS MA’NAVIY QIYOFASINI SHAKLLANTIRISHDA MILLIY QADRIYATLARNING O’RNI

0

Bugun biz har qanday olamshumul voqealarni tezda o’zlashtirib, tezda unutadigan, o’tkir siyosiy–ommaviy hodisalar jarayoni jadal sur’atlarda rivojlanib, bir davlatni ikkinchisiga hushyor bo’lishga da’vat etadigan davrda yashamoqdamiz. Tadqiqotchilarning fikriga ko’ra, bu davr texnogen va siyosiy globallashuvning eng yuqori darajasida deb izohlanmoqda. Ana shunday globallashuv jarayonida dunyodagi jamiki xalqlar hayotida tushunib bo’lmaydigan, ularning tarixida rivojlangan milliy madaniyatning unsurlarini o’zgartirib yuboradigan, xalqqa yot bo’lgan odat va ko’nikmalar paydo bo’lmoqda. Chunki an’anaviylik va zamonaviylik o’rtasidagi kurash jamiyat a’zolarini har xil tomonlarga yetaklashi mumkin. O’z-o’zidan ko’rinib turibdiki, mustaqil davlatimiz ham dunyoda yuz berayotgan ana shunday an’anaviylik va zamonaviylik o’rtasidagi ziddiyatlardan chetda tura olmaydi. “Globallashuv” tushunchasining o’zagi bo’lmish “global” so’zi fransuz tilidan olingan bo’lib, “yalpi, umumiy, har tomonlama” degan ma’nolarni beradi. Demak, “globallashuv” tushunchasi “umumiylik, umumbashariy” kabi ijtimoiy me’yorlarga to’la mos keladi.


Globallashuv jarayonining paydo bo’lishi yuzasidan amerikalik tadqiqotchi olim Z.Bjezinskiy shunday degan edi: “Agar Rim dunyoga huquqni, Angliya–parlamentni, Fransiya–madaniyat va milliy respublikachilikni bergan bo’lsa, AQSH–dunyoga ilmiy-texnika inqilobi va ommaviy madaniyatni tortiq qildi”. Goballashuv jarayonining dunyo mamlakatlari iqtisodiyoti, siyosati va ma`naviyatiga o`tkazish mumkin bo`lgan ijobiy va salbiy ta`siri mashhur hind davlat arbobi M.Gandining quyidagi so`zlarida yaxshi ifodalangan:“Men uyimning darvoza va eshiklarini doim mahkam berkitib o`tira olmayman, chunki uyimga toza havo kirib turishi kerak. Shu bilan birga ochilgan eshik va derazalarimdan kirayotgan havo dovul bo`lib uyimni ag`dar–to`ntar qilib tashlashi, o`zimni esa yiqitib yuborishini ham istamayman”.

Darhaqiqat, yuqoridagi fikrlardan dunyoda kechayotgan “globallashuv” jarayonining mohiyatini anglab olish mumkin. Shuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki, globallashuv jarayoni stixiyali tarzda yuzaga kelgan hodisalar oqibati emas. Bunday murakkab jarayon u yoki bu shaklda deyarli jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida mavjud bo’lib, faqat bugungi kunga kelib, ijtimoiy-siyosiy va texnologik taraqqiyot ta’siri natijasida uning mohiyati o’zgacha ko’rinishga ega bo’ldi.  Bugungi kunda jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarni kuzatar ekanmiz, “globallashuv” jarayoning yana bir ko’rinishi bo’lgan “ommaviy madaniyat” yakka hukmronligini tan olishga majburmiz. “Ommaviy madaniyat”ning asosiy maqsadi insonlar ongidagi sog’lom aqlni bartaraf etishdir. Sog’lom aql “o’chirilgach”, insonni aql bovar qilmas afsona va uydirmalarga ham ishontirish mumkin bo’ladi. Ayni paytda jahonda keng tarqalayotgan ana shunday soxta mafkuralardan biri “yevrosentrizm” deb ataladi. Nomidan ko’rinib turganidek, unda g’arb madaniyatidan andoza olish, unga taqlid qilish taraqqiyotning bosh omili ekanligi uqtiriladi. 

Bugungi kunda jamiyat hayotining barcha sohalarida savdo-sotiq munosabatlari asosiy o’rinni egallamoqda, “ermak va tomoshalar” shiori  asosida insonlarda iste’molchilik ruhiyati avj oldirilyapti, “insonning hamyoni qayerda bo’lsa, qalbi ham o’sha yerda” degan halokatli g’oya singdirilmoqda. Bu esa inson ma’naviyatini qashshoqlantirib, “ommaviy madaniyat”ni o’rnatish uchun qulay sharoit yaratilishi ta’minlaydi hamda xalqning madaniy o’zagi, tarixiy xotirasiga, milliy o’zligiga tajovuz qilinadi. Buni amalga oshirish uchun harbiy qurol-aslahalardan foydalanish talab etilmaydi, balki ko’p sonli kitob va risolalarda, jurnal va gazetalardagi maqolalarda madaniy o’zakni qo’poruvchi g’oyalarni tarqatishning o’zi kifoya. Insonda tarixiy xotirani susaytirish, jamiyatdagi birdamlikka putur yetkazish, an’anaviy ijtimoiy institutlarni yemirish, xalqni ma’naviy ildizlaridan mahrum etish, sog’lom aqlni “o’chirish” kabi usullarini taklif qilayotgan “ommaviy madaniyat” ushbu jarayonni yangi yo’nalishlar-axloqsizlikni targ’ib qilish, insonning eng tuban mayllari, hayvoniy hirslari, nafsini qo’zg’ash bilan yanada “boyitdilar”. 

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, “ommaviy madaniyat” ta’sirida dunyo bo’yicha har yili 18 yoshgacha bo’lgan yoshlar zo’ravonlik va axloqsizik harakatlari aks ettirilgan 200 mingga yaqin kinofilmlarni ko’rish oqibatida turli xil ko’rinishdagi jinoyatlarni sodir etmoqdalar. Bundan ko’rinadiki, madaniy yakkahukmronlik asosida insonni mustaqil fikrdan mahrum qilish, uni o’zligini unutgan kimsaga, ya’ni manqurtga aylantirish maqsadi yotadi

Jahon tajribasi shuni ko’rsatmoqdaki, madaniyat va qadriyatlarning yashovchanligi ularning o’zga madaniyat va qadriyatlar bilan aloqada bo’lishi, ularga qarshi tura olishi, bag’rikengligi, moslashuvchanligi kabi xususiyatlar bilan belgilanadi. Bunday qadriyatlar muloqot tomonlarning bir-biridan farq qilinadigan va shu bilan bir qatorda o’ziga xos belgilarini anglab yetishi, ko’pchilik tomonidan e’tirof qilinishi mumkin bo’lgan umumbashariy qadriyatlarni taklif eta bilish hamda zaruriyat tug’ilganda ularning himoya eta bilish kabi sharoitlar mavjud bo’lgandagina amalga oshirishi mumkin. Shu o’rinda olima F.Yo’ldoshevaning bir fikrini keltirib o’tish ayni muddao bo’ladi: “globallashuv” sharoitida qadriyatlar tranformatsiyasi bilan bog’liq bo’lgan masalalardan yana biri an’anaviy milliy qadriyatlarni himoya qilish mexanizmini ishlab chiqishdir. Bu sohadagi asosiy vazifa sifatida o’z milliy madaniyatini saqlagan holda, kirib kelayotgan begona madaniyatning jamiyat taraqqiyoti manfaatlariga mos keluvchi ijobiy tomonlarini qabul qilish va ularning sintezi asosida davlat maqsadlarini ifodalovchi harakatlarni amalga oshirishdan iborat bo’lishi lozim”. 

    Milliy madaniyat va ma’naviy qadriyatlar shaxsning hayot mazmunini, ma’naviy yaxlitlikni asrab qolishi, o’z-o’zini anglay bilishi va turmush tarzini belgilab beruvchi asosiy manbaa sifatida jamiyat va shaxs uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lishi zarur. Tadqiqotchi I.Ponomaryova bu xususda oliy ta’lim muassasalari talabalari o’rtasida olib borgan sotsiologik tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, tadqiqotda ishtirok etgan 87% talabalar OAV va internet orqali kirib kelayotgan g’arbona yurish-turish, an’ana va qadriyatlar tobora o’rnashib qolayotganligini, yoshlarning aksariyati xorijiy kanallarda berilayotgan turli xil kinofilmlarni tomosha qilishga ishqiboz ekanligini, ularda bunday ehtiyojlarning ortib borayotganini shu bilan birga, yoshlarimiz orasida milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga bo’lgan munosabat o’zgarayotganligini ko’rsatganligini ko’rsatib bergan. 

Shuni aytish joizki, yoshlarimiz orasida yuz berayotgan bunday salbiy holatlar uchun globallashuv jarayoni “aybdor” ham “javobgar” ham emas. Aksincha, bu ko’proq sub’ektiv omillarga bog’liq bo’lib qolmoqda. Shu sababli ham mazkur jarayonning tomoshabinlari sifatida qarsak chalib o’tirmasdan, milliy mentalitetimizga yot bo’lgan madaniyatlarni targ’ib qilishni chegaralash zarur. Milliy–ma’naviy qadriyatlarga tayanish an’anaviy qadriyatlarni madaniy taraqqiyotning bir bo’lagi sifatida tan olishi globallashuv davriga bosqichma-bosqich kirib borishini ta’minlaydi. Bunday yo’l erkin demokratik davlat qurish hamda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonini ham olg’a siljitadi. Bundan ko’rinib turibdiki, yuqoridagi kabi muammolarni hal etishda tarixning barcha davrlarida ham jamiyatning yetakchi kuchi hisoblangan milliy–ma’naviy qatlam asosiy rol o’ynagan. Ma’naviy qatlamni tashkil etuvchilar, eng avvalo jamiyatning intellektual kuchlari: olimlar, ziyolilar, siyosatchilar, atoqli madaniyat va san’at arboblari bo’lib, ular ushbu muammoga ma’suliyat hissi bilan yondashishlari lozim. Ushbu fikrning tasdig’i sifatida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi so’zlarini eslatib o’tishi o’rinli bo’lar edi: “Barchamizga ayon bo’lishi kerakki, qayerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o’zibo’larchilikka tashlab qo’yilsa, o’sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi va aksincha-qayerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql–idrok va tafakkur hukmron bo’lsa, o’sha yerda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi”.  

Demak, globallashuv jarayonida yuqorida qayd etilgan muammolarni hal etishga qaratilgan bir necha taklif va xulosalarini ilgari surish mumkin: 

— jamiyatning barcha qatlamlari, xususan, yoshlar ongida taraqqiyotga xizmat qiluvchi an’anaviy va zamonaviy ijtimoiy-madaniy qadriyatlarni shakllantirish;

— yosh avlodni milliy o’zlikni anglash, tarixiy tafakkurni shakllantirish va milliy mustaqillik g’oyasini asosida tarbiyalash;  

— ta’limda ilg’or texnologiyalarni amalda qo’llagan holda, jamiyatga kirib kelayotgan yangicha madaniyat va qadriyatlarni chuqur anglash, yoshlar ongida ularga qarshi tura oladigan kuchli mafkuraviy immunitetni shakllantirish;

— olimlarimiz tomonidan globallashuv jarayonining tendensiyalarini hisobga olgan holda, xalqimizning uzoq ming yillik milliy qadriyatlarni himoya qilish strategiyasini ishlab chiqish.

Xulosa qilib aytganda, globallashuv jarayonining vujudga kelish sabablari, mohiyati va xususiyatlarini o’rganish, uning natijalarini tahlil etib, to’g’ri baho bera olish hamda ulardan davlatimiz taraqqiyoti yo’lida foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish zamon bilan hamnafas qadam tashlayotgan har bir olim va fuqarolarning asosiy vazifalaridan biriga aylanmog’i zarur.

Ilyos QULJONOV, Navoiy davlat pedagogika instituti “Tarix o’qitish metodikasi” kafedrasi o’qituvchisi.