Bosh sahifa Bu qiziq Moddiy olamning sirli “halqum”lari

Moddiy olamning sirli “halqum”lari

0

Bugungi moddiy olamning g‘aroyibotlaridan ayrimlari koinotdagi “Qora tuynuk” va Atlantika okeanidagi “Bermud uchburchagi”dir. Har ikkala hodisa ham ko‘p yillardan buyon olimlarning diqqat markazida bo‘lib, hanuzgacha ular to‘g‘risida yagona ilmiy qoida aytilgani yo‘q.Bu ikki jumboqning o‘xshash tomoni shundaki, ular atrofiga yaqinlashgan har qanday jismni sirli ravishda yutib yuboradi.

“Atlantika qabristoni”…

“Bermud uchburchagi”ni shuningdek, “shayton dengizi”, “qarg‘alganlar dengizi”, “ajal uchburchagi”, “falokat keltiruvchi dengiz”, deb ham atashadi. Bermud orollari, Floridadagi Mayami va Puyerto-Riko oralig‘idagi mazkur hudud 1000 kvadrat kilometrdan ziyodroqni tashkil etadi. Ana shu nomlar ichida eng ommamlshgani “Bermud uchburchagi” atamasini qachonlardir amerikalik adib Vinsent Gaddis tomonidan o‘ylab chiqilgandi.

U shunday yozgan: “Floridadan Bermud orollariga, u yerdan Puyerto-Rikoga va keyin yana Bagam orqali Floridaga xayolan chiziq torting. Kema halokatlarining ko‘pchilik qismi aynan mana shu uchburchakda sodir bo‘ladi”. Bermud orollari sirli halokatlar sodir bo‘ladigan hudud markazida joylashmagan bo‘lsada, yozuvchining ayni iborasi hamda reportyorlarning ana shu jumlani qayta-qayta takrorlashi “Bermud uchburagi” atamasining keng qo‘llanilishiga olib keldi.

Sirli halokatlar

Bermud uchburchagi 1840 yildanoq mudhish nom chiqara boshlagandi. O‘shanda Bagam orollari poytaxti – Nassau porti yaqinida fransuzlarning “Rozali” nomli yelkanli kemasi paydo bo‘lib qoladi.

Uning barcha yelkanlari ko‘tarilgan, hamma asbob-uskunalar soz, biroq kema guruhi yo‘q edi. Xuddi shunday hodisalardan yana biri 1881 yilda sodir bo‘ladi. “Elen Ostin” yuk kemasi Bermud uchburchagi chegarasida bortiga yuk sifatida ko‘p miqdorda qizil daraxt ortilgan, ammo komandadan asar ham yo‘q kemaga duch keladi. Tashlab ketilgan kemani tirkab olishga qaror qilib, unga yaqinlashganlarida kuchli shamol ko‘tarilib, kemalar bir-biridan ajralishadi va egasiz kema ko‘zdan yo‘qoladi.

1880 yil yanvarida Bermud orollaridan Angliyaga yo‘l olgan “Atlanta” nomli 290 kishilik yekipajli kema izsiz g‘oyib bo‘lgan. Britaniya Harbiy dengiz flotiga qarashli oltita kema to‘rt oy qidiruv ishlarini olib bordi. Ammo, hech qanday halokat izlari uchramadi. XX asrda bu yerdagi ilk sirli holat 1918 yilda AQSHning “Siklop” kemasining yo‘qolishi bo‘ldi.

“Siklop” 309 kishidan iborat komandasi va qimmatbaho yuk – marganes rudasi bilan birga yo‘qolganida, uni nemislar minasiga uchragan yoki suvosti kemasi tomonidan yo‘q qilingan, deb o‘ylashdi (Birinchi jahon urushi ketayotgandi).

Ammo keyinroq nemislarning harbiy arxivlari tekshirilganda, bu farazni chetga surishga to‘g‘ri keldi. Hujjatlarning tahlili shuni ko‘rsatardiki, “Siklop”ning yo‘lida mina ham, suvosti kemalari ham bo‘lmagan ekan.

Ellikta kema va samolyot falokatidan iborat bu ro‘yxatning oxirida hozircha “Anita” yuk kemasi turibdi.

Ko‘mir ortilgan bu kema 1973 yil mart oyida Norfolk portidan Atlantika okeaniga chiqqan – Gamburgga yo‘l olgandi. Bermud uchburchagida bo‘ronga duch kelgan va “SOS” signalini ham yubormasdan cho‘kib ketgan. Oradan bir necha kun o‘tib, dengizdan “Anita” yozuvli bittagina qutqaruv balloni topildi, xolos.

Fazodagi “halqum”

1915 yildan boshlab qora tuynuklarga oid nazariy qarashlar olimlar e’tiborini o‘ziga torta boshladi. 1967 yilgacha astrofiziklar tomonidan “sovigan yulduzlar”, “kollapsarlar” singari jumlalar bilan izohlangan koinotdagi mazkur sirli hodisaga fizik-nazariyotchi Jon Archibald Uiler “Qora tuynuk”, deb ta’rif bergan. Shundan so‘ng, bu hodisaa nisbatan “Qora tuynuk” atamasi keng tarqaldi.

Bu qanday yuz beradi: u yoki bu yulduzning energiyasi tamom bo‘lgan paytda, avvalo, uning molekulalari harakatdan qoladi va yulduz buzilib, kichraya boshlaydi – uning elektronlari atom mag‘izlarining markaziga yiqiladi. Misol uchun, radiusi 7 ming kilometrni tashkil etuvchi yulduz so‘nish arafasida asta-sekinlik bilan markazga tomon cheksiz darajada zichlashib, hajmi futbol to‘pidek keladigan qora tuynukka aylanadi.

Yerimiz esa, agar yulduz bo‘lganida, yarim santimetr ham kelmaydigan tuynukchaga aylanishi mumkin. Vazni 1000 tonnalik qora tuynukning “yemirilishi” uchun bor-yo‘g‘i 84 soniya kifoya qiladi. Mazkur hodisa yer ko‘chkisini eslatib, avval ozroq, so‘ngra jadallik bilan energiyaning chiqib ketishiga sabab bo‘ladi va oxir-oqibat jarayon taxminan 10 million atom bombasiga teng kuchli portlash bilan yakun topadi.

Ular fotonlarni yutib, o‘zidan yorug‘lik taratmasligi bois oddiy teleskoplar bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Uning mavjudligini esa atrofida paydo bo‘luvchi kuchli magnit maydonidan bilib olish mumkin.

Islom ulamolari ham qora tuynuklar haqida fikr bildirishgan. Qur’oni Karimning Voqea surasi (56-sura) 75-oyatida “Botgan yulduzlarning joylariga qasamki…”, 76-oyatida “Va bu, naqadar ulug‘ qasamligini bilsaydinglar…”, deyiladi.

Islom faqihlari bu aynan koinotdagi botgan yulduzlarning joylari – qora tuynuklar haqida deb, izohlaydilar. Mazkur jumboqda biz bilmagan hikmatlar yashiringan.

Faraz va taxminlar

XXI asrda Bermud uchburchagi jumbog‘i borasida olimlar tomonidan bir qancha ilmiy yangiliklar ilgari surildi. Ya’ni, Bermud uchburchagi va boshqa shu kabi joylarda suv ostidan ko‘tariluvchi ko‘p miqdordagi metan pufaklar suvning zichligini pasaytiradi va kema o‘z suzuvchanligini yo‘qotadi hamda cho‘kadi.

Shveysariya oliy texnika maktabining fizik olimlari esa bu sirni fazodagi qora tuynuklar kabi hodisa, deb ta’kidlashmoqda. Dengiz girdoblari va kosmik qora tuynuklar orasidagi o‘xshashlik matematik amallar yordamida topilgan.

Umuman olganda moddiy olamning mazkur “halqum”lari hamon sirligicha qolmoqda. Endilikda ilmiy tadqiqot vositalarining eng zamonaviy namunalari yaratilayotgan ekan, olimlarning mazkur hodisalar haqidagi fikrlari ham o‘zgarib bormoqda. Xulosa qilib aytganda, biz yashayotgan olam juda mukammal va uning g‘aroyibotlari aql bovar qilmas darajada ko‘pdan-ko‘p.