Bosh sahifa Loyihalar Musibat toshi

Musibat toshi

0

Navbatdagi jahon chempionatida taniqli og‘ir atletikachidan yangi jahon rekordi kutilayotgandi. Afsuski, ana shu damda uning boshiga o‘ta og‘ir musibat tushdi. Avvaliga unga shum xabarni yetkazmaslikka urinishdi – atrofdagilarning noodatiy munosababtlari hamma sirni oshkor qildi.

Musobaqa kunida uning tanasida na bir kuch na bir g‘ayrat bor edi. G‘am-g‘ussadan bo‘shashib ketgan muskullari belgilangan og‘irlikning yarmini ham ko‘tarishga bardosh berolmadi.

Musobaqadagi o‘ziga yarashmagan holatdan emas, shaxsiy hayotidagi keskin o‘zgarishdan boshqa narsa xayolida yo‘q edi uning – shu alfozda arenani tark etarkan ko‘ziga atrof ko‘rinmayotgandek, qulog‘iga muxlislarning hayqirig‘i eshitilmayotgandek edi go‘yo.

Musobaqama-musobaqa yurib, g‘alaba ta’mini totib yurgan sportchi musibat toshi nechog‘li og‘ir bo‘lishini ana shunda his qildi. U mazkur “yuk” mushaklargagina emas, tanadagi har bir hujayraga “osilib olishini” ham ana shunda angladi.