Bosh sahifa Yangiliklar Navoiyda adabiyot bayrami bo‘lib o‘tdi

Navoiyda adabiyot bayrami bo‘lib o‘tdi

0

12-13 dekabr kunlari atoqli adib, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Navoiy shahri hamda Karmana, Qiziltepa tumanlarida adabiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Kitobxonlar, iqtidorli yoshlar bilan o‘tkazilgan tadbirlarda O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Saydi Umirov, yozuvchi va shoirlar Xurshid Do‘stmuhammad, Habib Temirov, Ashurali Jo‘rayev, Azim Suyun, Vafo Fayzulloh, Aziz Said, Nodir Jonuzoq hamda viloyatimizning bir guruh ijodkorlari ishtirok etdi.

Navoiy davlat pedagogika institutida tashkil etilgan adabiy kecha “Ezgulikka baxshida umr”, deb nomlandi. Unda Ibrohim G‘afurov ijodiy faoliyati haqida gap borar ekan, olimning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi alohida e’tirof etildi.

Tadbir davomida mohir tarjimon, adabiyotshunosning “Sharq” nashriyotida chop etilayotgan “Saylanma” asarlari to‘plami haqida ham so‘z bordi.

Hassos ijodkor faoliyati davomida Ernest Xeminguey, Chingiz Aytmatov, Fedor Dostoyevskiy, Valentin Rasputin, Gi De Mopassan, Gabriel Garsia Markes, Jeyms Joys asarlarini o‘zbekchaga yuksak mahorat bilan tarjima qilgan. U o‘zbek adbiyotiga mansura janrini olib kirgan adib sanaladi. Tadbirda Ibrohim G‘afurov yaratgan tarjimachilik maktabi xusususida alohida fikr bildirildi.

– Adabiyotimizga tafakkurni o‘zgartira oladigan ijodkorlar kerak, – deya ta’kidladi shoir Aziz Said Karmana tumani bolalar musiqa va san’at maktabida o‘tkazilgan uchrashuvda. – Ibrohim G‘afurov ana shunday salohiyatga ega inson. U kishining ijodini o‘qish uchun, avvalo, ruhiy tayyorgarlik lozim. Bu asarlar qo‘shiqqa, munojotga, dardga o‘xshaydi, kishiga ulkan ma’naviy quvvat beradi.

  • Biz ko‘pincha yashab o‘tgan adiblar, shoirlar va boshqalarni mutaffakkir sifatida tan olamiz, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Odil Hotamov. – Biroq, bugungi kunda siz-u biz bilan birga yashayotgan mutafakkirlar ham yo‘q emas. Shuni inobatga olsak, ularning ijodini chuqur o‘rganish barchamiz uchun kerak va zarurdir.

Adabiy kechada “Nihol” mukofoti sovrindori Sherzod Shodiyev, Otajon Xudoyshukurov nomidagi respublika tanlovi g‘olibi, iste’dodli xonanda Hamza Saidov ijrolaridagi jozibali kuy va qo‘shiqlar ohangi ko‘ngillarga muhrlandi.

Ikki kun navoiyliklar uchun haqiqiy adabiyot bayramiga aylandi. Ijodga ishtiyoqmand yoshlar tadbirlar davomida so‘z va uning qudrati, qadri haqida chuqurroq bilimga ega bo‘lishdi.