Bosh sahifa Bu qiziq Ona tabiat tilga kirganda…

Ona tabiat tilga kirganda…

0

Global iqlim o‘zgarishlarining asosiy sababchisi bo‘lgan insonlarning bugungi kunda sanoat taraqqiyoti yo‘lidagi harakati bir tomondan iqtisodiyotni yuksaltirayotgan bo‘lsa, yana bir tomondan bioxilmaxillikka putur yetkazmoqda. Atrof-muhit ifloslanishi va boshqa turli omillar natijasida keyingi vaqtlarda har yili 1 tadan 10 tagacha hayvon va 1 tadan o‘simlik turi yo‘qolib bormoqda. Olimlarning kuzatishicha insonning tabiatga salbiy ta’siri natijasida bu jarayon yanada tezlashib borayotir…

Ekotizim zanjirini uzmang!

Tabiat muvozanatining izdan chiqishi qanday salbiy oqibatlarga olib kelishini dunyo ahli global iqlim o‘zgarishlari misolida kuzatib kelmoqda. Agar so‘nggi 100 yil misolida olib qaraydigan bo‘lsak, sutemizuvchilarning 20 va qushlarning 40 dan ziyod turlari yo‘qolib ketdi. Bu jarayonni “bioxilma-xillik inqirozi”, deb atash mumkin. Edilikda nafaqat olimlar, balki ko‘pchilik odamlar ham o‘simlik va jonzotlarning hozirgi yo‘qolish sur’ati o‘tgan davrlardan ko‘ra eng tez ro‘y berayotganiga shubha qilishayotgani yo‘q. Stendford universiteti olimi, biolog Rodolfo Dirsoning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda yer yuzidagi hayvonlarning 16 foizidan 33 foizi butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan ekan.

Flora va faunaning qirilib ketishiga nafaqat sanoat chiqindilari omili balki ayrim mamlakatlarda brakonyerlikning oson daromad topish manbasiga aylanganini ham sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Brakonyerlar xalqaro uyushgan jinoyatchilar yordamida hali ham ayrim yo‘qolish xavfi ostidagi sutemizuvchilarni terisi, tirnoqlari, qoziq tishlari, shoxlari yoki suyaklari uchun ovlamoqda. Kamyobligi tufayli bitta Amur yo‘lbarsining bahosi 500 ming AQSH dollari bo‘lib, uning suyaklari maydalanib tibbiy kukun sifatida ishlatiladi. Karkidonlar shoxlaridan osori-atiqalar va qimmatbaho dori tayyorlash uchun ovlanadi. Birgina 2015 yilning o‘zida ularning 15 mingga yaqini qirib tashlangan. Karkidon shoxlari 15 kilogrammgacha yetishi mumkin va uning har bir klogrammi 15 ming dollardan pullanadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra dunyo okeanidagi asosiy 15 tur baliq zahiralarining 11 tasi to‘liq ovlab bo‘lingan. Baliq zahirasi qayta tiklanadigan ozuqa manbasi hisoblansada, bunda ularning ko‘payish imkoniyatidan ortiq miqdorda ovlanmasligiga qat’iy amal qilinishi zarur. Baliq ovlash bilan shug‘ullanadigan korxonalar ko‘pincha o‘ta keng aylanali yopinchiq yoki yirik sudraluvchi to‘r — traulerlardan foydalanishadi. Bu to‘rlarga faqatgina ovlanishi mumkin bo‘lgan baliqlar emas delfinlar, toshbaqalar ham ilinib qoladi va halok bo‘ladi. Bunday to‘rlar 5 tadan 12 tagacha reaktiv samolyotni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Bunaqa keng ko‘lamli ov jarayonlaridan so‘ng baliqlarsiz qolgan dengiz tubi huvillab qoladi. Bu yillar mobaynida vujudga kelgan suvosti muhiti bir necha soatda yo‘qqa chiqariladi, deganidir. Baliqlarning bu darajada keng iste’mol qilinishi nafaqat baliqlar zahirasini tugab bitirmoqda, balki ulkan ekotizimdagi ozuqa zanjiri buzilayapti.

Olimlar tomonidan tinch okeani sharqiy qirg‘oqlarida odatda tyulenlar va dengiz arslonlari bilan oziqlanadigan kasatkalar qunduzlarni ovlayotganligini uchratishdi. Shu yerda yashovchi qunduzlarining soni kamaya boshlaganda bu holatning sababi oshkor bo‘ldi. Mazkur hududda olabug‘a va seld baliqlari zahiralari juda kamayib ketganligi sababli dengiz arslonlari bu yerlarni tark etib ketishgan. Natijada kasatkalar qunduzlarga hamla qila boshlagan…

“Qizil kitob” va uning ahamiyati

“Qizil kitob” g‘oyasi ilk bor 1948 yilda tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqini tuzish masalasida Parijda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada ilgari surilgan edi. Shu vaqtdan boshlab, kamyob va yo‘qolib ketish xavfida bo‘lgan o‘simlik va hayvon turlarining ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilib, 1966 yildan boshlab “Qizil kitob”ning ilk soni chop etila boshlandi. Mazkur kitob bugungacha bir necha marotaba nashr etilib, har safar yangilanib borilayapti. Har safar kitobga yo‘qolib borayotgan yoki yo‘qolish xavfi ostidagi tirik organizmlar soni ko‘payib borayotgani qayd etilib kelinayapti. Bu kitob insoniyatni ogohlikka chaqirib kelayotganiga qaramay, ommaviy ravishda ekotizimni ijobiy tomonga o‘zgarishi sezilayotani yo‘q. Ayrim hududlar miqyosida olib qaralgandagina samarali ishlar olib borilayapti, xolos.

Inson tabiatning bir bo‘lagi. Biz ona sayyoramizni boricha asrab, uni kelgusi avlodlarga shu holatda tuhfa etishga mas’ulmiz. Insoniyat bo‘ynidagi ushbu qarzni esga olib, ekotimizda yuz berayotgan ulkan inqirozlardan to‘g‘ri xulosa chiqarsagina kelgusida bu borada keng ko‘lamli ijobiy natijalarga erishiladi.