Bosh sahifa Loyihalar Qisqa hikoyalar

Qisqa hikoyalar

0

QUTUQU

Kim birinchi yetib kelsa qiz o‘shaniki bo‘lishiga bahs boylandi. Ikki o‘rtoq qishloq bo‘ylab yugurib ketdi. Uchinchi aylana. Rashk sabab biri ikkinchisini qishloq chetidagi jarga itarib yubordi. Qiz bir umrga nogiron bo‘lgan yigitni sevarkan. O‘shani dedi. Ikkinchi yigit to o‘la-o‘lguncha afsus bilan yashadi. Uning bir umrlik pushaymoniga sabab bo‘lgan xatosi rashk ham emas, nafs qutqusi edi aslida…

TUSH

Kampirni uzoq qarindoshinikiga mehmondorchilikka taklif etishdi. Nabirasi mashinasida uni aytilgan joyga olib bordi. Bazmdan so‘ng keksa mehmonni hovlidagi bog‘ga olib chiqishdi. Kampir qafasdagi bedanalarning tovushini tinglarkan yoshlik yillarini esladi. Bir oz shu yerda mizg‘ib olmoq uchun chorpoyaga o‘tirdi. Tush ko‘rdi. Oppoq ko‘ylakda ilk dafa choli bilan uchrashgan kun esiga tushdi. Qaylig‘i unga bir dasta gul tutdiyu, oq yo‘lakni ko‘rsatdi.

Shu bo‘ldiyu, kampir qayta uyg‘onmadi.

SHUM XABAR

– Siz nimadir demoqchisiz, a?

– Yo‘q!

– Ayting! Nima gapingiz bor?

Yigit indamadi. Yuzida alam bilan chiqib ketdi. Jonidan yaxshi ko‘radigan sevgisiga yetishaman deganda to‘y xarajati uchun chet elga ishga borib keldi-yu, ana shu yerdan tuzalmas dard yuqtirdi. Qizning baxtini o‘ylab, tavakkaliga unga uylanmaslikka qaror qildi. Xiyonatini ham, kasalini ham hammadan yashirdi. Shu-shu shaharga ketib, amakisinikida yashay boshladi. O‘y-xayollar irodasiz yigitni yeb bitirdi. Ko‘p o‘tmay uning o‘z joniga qasd qilgani to‘g‘risida shum xabar yetib keldi.

SABOQ

O‘g‘ilga pul kerak bo‘ldi. Ota darrov unga cho‘ntagidan pul chiqarib bermay, bir yerda eski katakni buzish kerakligi, ishni bitirgach buning evaziga olingan hamma pul uniki bo‘lishini ta’kidladi. O‘g‘il otasi aytgan pul o‘ziga keragidan ancha ortiqligini fahmlab, darrov bu taklifga ko‘ndi. Ish bitdi. O‘g‘il va’da qilingan pulni oldi. Biroq, qiyinchilik bilan topgan daromadni o‘zi istagan arzimagan narsaga sarf qilishga ko‘zi qiymadi. Bunday pulning qadri nechog‘li bo‘lishini his qilgandi-da.

Eski katakdan topgan bu hikmatni u butun umr esdan chiqarmadi.