Bosh sahifa Tahlil “Qora bozor”dagi qora qilmish

“Qora bozor”dagi qora qilmish

0

Tirikchilik toshdan qattiq. Biroq, bu insonni jinoyatga, egri yo‘lga boshlashga bahona bo‘lolmaydi. Odamzot har qanday vaziyatda ham halol, to‘g‘ri yo‘lda yurishga majbur. Ammo, hoyu-havasga berilgan, mehnatsiz yengil daromad topishni kasb qilganlar ham oramizda yo‘q emas.

Karmana hamda Navbahor farzandlari A.Zokirov va H.Salimovlar (maqoladagi barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bilagi quvvatga to‘la ayni yigitlik paytlarida egrilikni tanlashdi.

Shovvozlar Navoiy shahridagi markaziy dehqon bozorida chet el valyutasi savdosi bilan shug‘ullanib, dollarni so‘mga, so‘mni dollarga aylantirib tirikchilik qila boshladilar.

Kunlarning birida A.Zokirov yoniga bir ayol kelib 35 million so‘m puli borligini, uni tezda dollarga almashtirishi lozimligini aytadi. Mo‘maygina yengil daromad hidini payqagan Zokirovning ichiga g‘ulg‘ula tushdi. O‘zida shuncha pul yo‘qligi sabab hamtovog‘i Salimovga dolar kerakligini bildiradi, yonidagi ayolni uning oldiga boshlab boradi. Ikkovlonning ham maqsadi bir – so‘ralgan miqdordagi valyutaga ega bo‘lmasladarda bir amallab ayolning pulini olib qolish. Shu kuni masala yechilmadi. Ertasiga H.Salimovga murojaat qilgan ayol, hech bo‘lmasa 300 AQSH dollari topib berishini so‘raydi. Shu tariqa ayol avval 300 dollar olib, 1-2 kun ichida qolgan mablag‘ni ham olish sharti bilan pullarini tashlab ketadi.

Belgilangan kun markaziy dehqon bozoridagi oziq-ovqat do‘konlarining birida Salimov kelishilgan dollarlarni egasiga berayotganda to‘satdan huquqni muhofza qiluvchi organlar vakillari kelib qolishadi.

Joriy yilning iyul oyida mazkur qonunbuzarlik jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudida ko‘rib chiqildi. Unda jinoyatchilar aybini tan olib, qilmishlaridan pushaymonligini bildirdi. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra eng kam oylik ish haqining 30 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Yuqoridagi holat yuzasidan jinoyatga qonun muqarrarligi o‘z isbotini topdi, biroq“sudlangan” degan tamg‘a baribir qonunbuzarlarning zimmasidan holi bo‘lgani yo‘q. Albatta, har bir ishni amalga oshirishdan oldin uning qonuniy asoslarini puxta o‘rganish lozim. O‘z manfaatini ko‘zlab, mamlakatning joriy qonunlarini mensimaslik hech bir fuqarolik burchiga ham, insoniylikka ham mos emas.