Bosh sahifa Tahlil Sharmandaga shahar kengmi? Yohud inson hayvondan nimasi bilan farq qiladi?

Sharmandaga shahar kengmi? Yohud inson hayvondan nimasi bilan farq qiladi?

0

Hamma davrda katta avlod vakillari yoshlarning odob-axloqi haqida e’tirozli fikrlar aytishgan. Bugun ham biz internet orqali dunyo bilan bog‘lanayotgan, yaxshiniyam, yomonniyam ko‘rayotgan farzandlarimiz tarbiyasidan tashvishdamiz, kezi kelsa ularni «ommaviy madaniyat”ga o‘chlikda, g‘arbga taqlidchilikda ayblaymiz.
Biroq, biz kattalarchi? O‘zimiz hamisha ham to‘g‘ri yo‘ldamizmi? Imonimiz but, insofimiz yetarlimi?
Yaqinda tumanimizdagi bir mahallada sodir bo‘lgan voqea tafsilotlari meni shunday savol berishga majbur qildi.
Mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini nafaqat tumanda, balki viloyatda obro‘ga ega, bir so‘z bilan aytganda, noyob tuzilma xodimlari profilaktika noziri, keng jamoatchilik bilan hamkorlikda e’tirofga loyiq ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shu bois, maqolamizda mahallaning nomini keltirishni lozim topmadik, bir ayolning o‘ylamay qilgan xatti-harakati fuqarolar yig‘inini yomonotliq qilishga arzimaydi, degan fikrga bordik.
O‘n yildan buyon erining xiyonatidan aziyat chekkan, uyidagi mojarolar sababli farzandlari asabiy bo‘lib qolganidan tashvishga tushgan ayol shubhalarini asoslovchi dalil topishga kirishdi. Oyni etak bilan yopib bo‘lmasligi rost ekan. Qolaversa, zamonaviy qo‘l telefoni yordamida u o‘ziga kerakli narsani osongina topdi. Er bermoq – jon bermoq, deganlar. Ayol avval shunchaki shubhalanib, bir yongan bo‘lsa, gumoni rost ekanligiga ishonch hosil qilgach ming kuydi. U erini yo‘l­dan ozdirgan ayolning mahallasiga murojaat qildi…
Mana, mahallada bir xonadonda oz emas, ko‘p emas o‘n yil davom etgan dilxiralik, qut-barakani, mehrni, ishonchni yo‘qotishga sabab bo‘lgan tubanlik sababi muhokama qilinmoqda. Jabrdiyda ayol erining qo‘l telefonini yoqib ishtirokchilarga o‘z dalili, ya’ni turmush o‘rtog‘i va uning jazmani o‘rtasidagi suhbatni eshittirdi. “Seni yomonam sog‘indim, nimaga u kuni meni ahmoq qilding, seni kuta-kuta ikkita non olib, noiloj uyga ketdim”. Ayolning tilidan uchgan bu so‘zlar shu paytgacha ming martalab eshitgan bo‘lsada, jabrdiyda ayolning ko‘zlarida yana nafrat, g‘azab o‘tini yoqdi. Nozli ovoz egasining esa bir tuki qilt etmadi. (Shu o‘rinda bir izoh: bu ayol o‘zi bilan don olishib yurgan erkakdan 3 yosh katta. Shu bois, ular sensirashib gaplashishadi, bu atrofdagilarga shubha uyg‘otmaslikka qo‘l keladi, deb ham o‘ylashadi). ”Shanba kuni do‘stimning dala hovlisiga boramiz, o‘zi yo‘q bo‘ladi, yolg‘iz qolib mazza qilamiz”. Haytovur xiyonatkor bo‘lsada, erkakda ozgina uyat bor ekan, u o‘zi aytgan bu so‘zlar yangraganda ko‘zlarini qayga yashirishni bilmadi.
Yana bir nechta suhbatlar eshitildi. “Uyda hech kim yo‘q, kel”, ”meni kafega taklif qilishdi, borsam maylimi?”. Navozish bilan aytilgan bu gaplar betini bez qilib o‘tirgan ayolning qanchalik orsiz­ligi, hayosizligi isboti edi. Lekin u zarracha uyalmadi. Ovozli yozuv bor kirdikorini fosh qilib turgan bo‘lsa-da, o‘zini oqlashga tirishdi va jabrdiydaga «hujum” boshladi:
— Bu meni eri bilan birgalikda ayblab, ko‘pdan buyon shataloq otib yuribdi, aslida eri mendan bir yarim million so‘m qarzdor. Unga yaxshi gapirib, pulimni olmoqchiydim…
“Bu ertagingni otasiz ulg‘ayishga mahkum qilib, uyingga olib kelib o‘tirgan nevarangga ayt” degim keldi rosti. Chunki yengiltak ayolni yaxshi tanir, qizi bir bolasi bilan qaytib kelganidan xabarim bor edi. ”O‘zingku ellikdan oshib ham o‘zingni tiyib olmabsan, yoshgina qizingni erdan chiqarib nima qilasan, u ham sen kabi kimningdir ro‘zg‘ori tinchini buzadida” degan fikr keldi yana xayolimga.
Yengiltak onaga ergashib kelgan qizi esa zarracha xijolat tortmay onasining yonini oldi:
— Onam plastik kartalarini bergandilar bu odamga, ikki yildan buyon pullarini ololmaydilar, hozir men onamning uyidaman, bolamga pul kerak, shuning uchun yaxshi gap bilan pullarini olmoqchi bo‘lib «Jonim, keling, oyligingizni oldingizmi?” degandilar, — dedi yuzsizlarcha.
To‘g‘ri, hammaga o‘zining onasi aziz. Hech kim tuqqan onasini yomon demaydi. Lekin onaning sharmsizligi isbotlanib turganda uning yonini olish uchun odamning beti charmdan bo‘lishi kerak, nazarimda.
Uncha-muncha odam onasining tubanligiga bu yo‘sin chidab turolmaydi. Qizi hech bo‘lmaganda bu sharmandalikka chidayolmay, xonadan chiqib ketsa, uni tushunish mumkin edi. Ammo…
Voqeani kuzatib turgan profilaktika noziri bu holatga chiday olmadi. U “Yaxshi, plastik kartani tekshirtiramiz, siz hozircha tashqariga chiqib turing” degancha hayosiz onaning yuzsiz qizini chiqarib yubordi. Keyin esa mavjud dalil vaziyatni bor bo‘y-basti bilan ayon qilib turganini, nomussiz ayol aybini tan olmasa bu ish sayyor sudda butun mahalla-ko‘y ishtirokida ko‘rilishini aytdi. ”Betimning qalini – jonimning huzuri” deb o‘tirgan nokas shundan keyingina ilojsizligini tushunib, haqiqatan ham murojaatchining turmush o‘rtog‘i bilan uchrashib yurganini tan oldi va bundan keyin bu holat davom etmasligiga so‘z berib, tilxat yozdi.
Shu o‘rinda bir mulohaza: bu ayol shaytonning yo‘liga kiradigan, yoshlik-beboshlik qabilida ish tutadigan yoshda emas, ellikdan oshgan. Boz ustiga kasbi o‘qituvchi. Afsuski, u yillar davomida baloi nafs domiga berilib, iffatsizlik botqog‘iga botib kelgan. Bu qilmishi ikki qizining taqdiriga daxl qilishini, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y bilib qolishi, bir kuni sharmanda bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmagan. Axir, u ayol, ona ediku! Katta farzandining oilasi jar yoqasiga kelib qolgani, ayni paytda qizi va kuyovi ajralish uchun sudma-sud yurgani ham uning ko‘zini ochmagan.
To‘g‘ri, bu voqeada oilasiga, farishtadek ayoliga xiyonat qilgan, farzandlari rizqini qiyib, bir sharmsiz bilan qahvaxonama-qahvaxona sang‘ib yurgan, aysh-ishratga berilgan otaning ham aybi bor. Biroq, nomussiz ayolning aybi kattaroq, nazarimda. Chunki azaldan “erkak ostonadan yetti qadam uzoqlashsa, bo‘ydoqqa aylanadi” degan gap bor. Xullas, insofni o‘ziga bersin. Nima bo‘lganda ham erkak-erkak. U hamisha qarqara, o‘zini sarishta qilmagan ayol esa masxaradir. ”Senda vijdon bormi?”. Kirdikori muhokama qilingan ayol xufyona uchrashib yurgan erkakka shu savolni berganida ochig‘i, kulgim keldi. U o‘n yetti yashar qizmidiki, aldab ketgan yigitiga bu savolni bersa?! Taqdir ekan, eridan ajralibdi, lekin o‘z vaqtida o‘zini anglaganida, sharm-hayo yo‘lini tutganida bugun bu qadar qadrsiz, sharmandayu sharmisor bo‘lmasdi. Meni hayratga solgan yana bir holat u o‘zining rasvo bo‘lganini tan ham olmadi, sharmandalik botqog‘iga botganini his ham qilmadi. Yo alhazar, shunchalik bezbetlik, shunchalik tubanlik…
Insonni hayvondan ajratuvchi eng birinchi omil ong, aql-idrok bo‘lsa, keyingisi or, nomus va g‘ururdir, shubhasiz. Ana shu omillar sezilmas ekan, inson deb atalmish buyuk jonzotning hayvondan farqi qolmaydi. Bundan esa Yaratganning o‘zi asrasin.
Aytmoqchi bo‘lganim, toki tirik ekanmiz, imon belgisi — hayodan ayirmasin hech birimizni, sharmsizlikka esa loqayd bo‘lmaylik.
Zero, bu illat nafaqat bir oilaning, balki millatning, xalqning dardi, kulfatidir.
Siz bunga nima deysiz?