Bosh sahifa Tahlil Soxtakor veterinarlarning qilmishi

Soxtakor veterinarlarning qilmishi

0

Shaytoniy nafs inson bo‘yniga ba’zan shunday arqon tashlab unga qilayotgan ishini zavqli va jozibador qilib ko‘rsatadiki, xom sut emgan banda ana shu fursatda amallarini hech bir mezonga o‘lchab ham ko‘rmaydi. To oyog‘i toyguncha yo‘lida davom etaveradi…

Joriy yilning bahor-yoz oylarida viloyatimiz veterinariya korxonalarida olib borilgan jinoyat-qidiruv ishlari, ushbu sohada hududda soxta hujjatlar to‘ldirish, tanish-bilishchilik kabi jinoyatlar keng quloch yoyganini ko‘rsatdi.

Xususan, Karmana tuman veterinariya bo‘limida 2010 yildan bosh hisobchi bo‘lib ishlab kelgan O.Samadov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bir qator jinoyatlarga qo‘l uradi. Yurtimiz mehnat qonunchiligida intizoimy jazo qo‘llanilib turgan xodimga rag‘batlantirish choralari ko‘rilmasiligi qat’iy belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, bosh hisobchi mazkur moddani chetlab o‘tadi. Ish faoliyati davomida jami 8 million so‘mdan ortiq mablag‘larni xodimlarga noto‘g‘ri rag‘batlantirish muokofoti sifatida hisoblab, davlat byudjetini talon-taroj qiladi.

Navoiy shahar veterinariya bo‘limi bosh hisobchisi ham xuddi shu jinoyatni amalga oshiradi. 2012 yildan buyon foliyat yuritib kelgan S.Hakimovning soxtakorligi davlatga 6 million so‘mlik zarar keltirdi.

Veterinarlarimiz zimmasidagi yana bir mas’uliyat bozorlarimizga talabga javob bermaydigan go‘sht mahsulotalari kirib borishi oldini olish sanaladi. Belgilangan tartib bo‘yicha qassoblar mol so‘yilishidan oldin uni veterinar ko‘rigidan o‘tkazishadi. Mol go‘shti sifatli bo‘lsa, ular uchun forma-4 hujjati rasmiylashtirib beriladi. Ushbu veterinariya xizmati uchun davlat boji to‘lanib, to‘ldirilgan hujjatni tegishli bozorning veterinariya santariya ekspertizasi ko‘rigiga topshiriladi. Yakuniy xulosadan so‘nggina go‘sht mahsulotini sotishga ruxsat beriladi.

Ayrim veterinarlarimizning ana shunday mas’uliyali ishga beparvo yondashishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Xususan, Karmana tuman veterinariya bo‘limi vetuchastka mudiri A.Hodiyev 2010 yildan buyon shu lavozimda ishlab kelib 7 yil davomida jami 24 million smo‘dan ortiq forma-4 hujjati uchun to‘langan mablag‘larni davlat xazinasiga topshirmagan. Bundan tashqari u o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashib, 14,5 million so‘mlik hujjatlarni soxta to‘ldirgan.

Mazkur tumandagi Malikrabot vetuchastka mudiri D.Safoyev, Navoiy shahar veterinariya bo‘limi vet sanitari O.Nodirovlar ham ayni jinoyatga qo‘l urishgan. Ular ham soxta hujjatlar evaziga o‘zgalar daromadini o‘zlashtirgan.

Yuqoridagi qonunbuzarliklar yuzasidan olib borilgan jinoyat qidiruv ishlari viloyatimiz veterinariya sohasidagi dog‘ni yaqqol namoyon etdi. Joriy yilning iyul oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudida ushbu ish ko‘rib chiqildi. Barcha dalillar hamda guvohlarning ko‘rsatmalari jinoyatga jazo muqarrarligini isbotladi. Sud hukmiga ko‘ra jinoyatchi veterinarlarga ozodlikni cheklash, mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlamaslik, daromadining 15 foizini davlat foydasiga undirish kabi jazolar tayinlandi.

Insonlarning salomatligi bilan bog‘liq masalada yuqoridagi kabi beparvolikka yo‘l qo‘yib berish mumkinmi, axir? Ularning xufyona haraktlaridan hamma bexabar bo‘lgandek go‘yo? Yo‘q, albatta. Shu choqqacha jinoyatchilarni insofga chaqiradigan, qonuniy ishlashga undaydigan biror mard topilmagani aslida yanada ko‘proq kishini tashvishga soladi.

Shu o‘rinda bir hadisni eslasak. Abu Hurayra Raziyollohu anhudan qilingan bir rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga bir zamon kelurki, unda kishi molini nimadan olayotganiga parvo qilmaydi: haloldanmi, haromdanmi”, deb ta’kidlagan ekanlar. Mehnatsiz mo‘may pul topmoqchi bo‘lgan kimsalarning yuqoridagi qilmishi kishi xayoliga ana shunday o‘yni soladi. Axir har bir harakatning qonuniy mezoni, insoniy asoslari yo‘qmi? Jinoyat sodir etganlar kamida 40-50 yoshda ekanligini hisobga olsak, ularni “xom sut emgan bandalar-da”, deya oqlab bo‘larmikan?