Bosh sahifa Yangiliklar Tadbirkorlarga: uchquduqdagi 13 ta kon, soliq imtiyozlari va boshqa imkoniyatlar

Tadbirkorlarga: uchquduqdagi 13 ta kon, soliq imtiyozlari va boshqa imkoniyatlar

0

Uchquduq viloyatimiz markazidan 300 kilometr olisda bo‘lishiga qaramay, tadbirkorlik sohasi uchun qulay hududlardan sanaladi. Sababi, mazkur tumanda boy infratuzilma, ko‘pyillik zaxiraga ega yerosti xomashyolari va boshqa imkoniyatlar mavjud.

Prezidentimizning joriy yil 29 sentyabrdagi “Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari hamda Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan 1 oktyabrdan boshlab, 10 yil muddatda bir qator soliq imtiyozlari berilgani, mazkur hududlarda kichik biznesni rivojlantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Uchquduqda ayni paytda mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti, yuzga yaqin fermer xo‘jaligi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, yuqoridagi qaror asosida ular bugungi kunda soliq imtiyozlaridan foydalanib kelyapti.

36,3 ming nafar aholiga ega tuman sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda katta imkoniyatlarga ega. Xususan, marmar, granit, suvenirlar, iste’mol va texnik tuz, keramika, qog‘oz, plastmassa, rezina, har xil rangdagi pigment mahsulotlari xomashyolari – ko‘pyillik zaxiraga ega konlar mavjud. Boztau, Kokpatas, Altintau, Saribatr, Jaman Kasir, Aytim, Aktash, Altintau kabi jami 13 ta kon shular jumlasidandir. Shu bilan birga, Uchquduq baliqchilik, tuyachilik, echkichilik, zamonaviy muzlatkichlar qurish borasida ham qulay hududlarga ega.

Ayni paytda tuman xususiy bog‘cha, maktab, klinikalar, yo‘lovchi tashish xizmatlari tashkil etish borasida ham katta ehtiyojga ega. Misol uchun, hududdagi qariyb 9 ming nafar bog‘cha yoshidagi bolalarning 30 foizigina MTMlarga qamrab olingan. 6 ming nafar maktab o‘quvchilari esa 2 smenada ta’lim olishadi.

  • Bugungacha Toshkent hamda Surxondaryo viloyatlarida faoliyat olib boradigan 2 ta MCHJ tumanimizda ish boshladi, – deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari F.Bafoyev. – “Umida trans invest” MCHJ tuzni qayta ishlash borasida sex qurishni rejalashtirgan, “Uchquduq eksport-import” MCHJ esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish borasida bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Ayni paytda tadbirkorlar tomonidan ko‘plab takliflar kelib tushyapti. Imtiyozlar bilan to‘liq tanishmoqchi bo‘lganlar 593-19-91 raqamiga murojaat qilishlari mumkin.

Yurtimizda tadbikorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imkoniyatlar hududlarimiz taraqqiyotida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bunday shart-sharoitlardan samarali foydalanayotgan kichik biznes subyektlari faoliyati tobora kengayib, ish ko‘lamlari oshyapti. Aslida ham tadbirkorlik istiqbolining kaliti puxta loyiha va real imkoniyatlar uyg‘unlashuvi sanaladi.