Bosh sahifa Yangiliklar Viloyatimizda 1 so‘tix yerdan o‘rtacha doromad qancha?

Viloyatimizda 1 so‘tix yerdan o‘rtacha doromad qancha?

0

Viloyatimiz tumanlarida istiqomat qilayotgan aholi o‘z tomorqasining har so‘tig‘idan yiliga o‘rtacha qancha daromad olmoqda? Bu raqam ayrim hududlarda 300-400 ming so‘mgacha yetmasa, boshqa mahallalarda har bir so‘tix yerdan 2-2,5 million so‘mdan daromad olayotganlar ham yo‘q emas.

Aslida esa tomorqadan kam daromad olinayotgan qishloqlarda ham suv muammosi yo‘q, ustiga ustak yer unumdor. Bunda faqat aholining tomorqa madaniyatini yuksaltirish kerak, xolos.

Mahallamizda 722 ta xonadon, 71 gektar ekin yerlari mavjud, – deydi biz bilan suhbatda Qiziltepa tuman “Xusbiddin” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xolmurod Boqiyev. – Bugungi kunda aholining har so‘tix yerdan yiliga olayotgan daromadi o‘rtacha 2 million so‘mni tashkil etmoqda. Bizda kartoshka, sarimsoqpiyoz yetishtirish ancha rivojlangan. Limonchilikka ham alohida e’tibor qaratayapmiz. Joriy yilda mahallamiz hududiga 100 tup limon keltirilib o‘tqazildi. Hozirda 40 ta yangi limonzorlarni barpo etdik.

Karmana tumanining “Yuqori Bug‘” mahallasida ham aholi har qarich yerdan unumli foydalanmoqda. Ushbu mahallada istiqomat qilayotgan Husniddin Hasanov 4 yildan buyon issiqxonachilik bilan shug‘ullanib keladi. Bodring va ko‘kat yetishtirib daromad topayotgan ushbu oila faoliyati e’tirofga loyiq. Jamii 8 so‘tixda tashkil etilgan 2 ta issiqxonada bugungi kunda ko‘katlar barq urib unmoqda.

Dekabr oyi yakuniga qadar ko‘katlarimiz yetiladi, – deydi Husniddinning onasi Gulnora opa Hasanova. – Shularning o‘zidan 1, 1,5 million so‘m foyda topamiz. Mehnatimiz ortidan topayotgan halol daromadimiz o‘zimizga yetarli. Yaqinda o‘g‘limni uylantirdim. To‘y-markalarimiz hammasi ana shu issiqxonaning ortidan bo‘layapti.

32 tup limonimiz bor, – deydi mirishkor bog‘bon. – Hozirda yetilgan mevalarni bozorga chiqarib sotayapmiz. 7 yil avval limonning “Mir” navidan keltirib, issiqxonamga o‘tqazgan edim. Endilikda issiqxonani yana kengaytirish, mandarin yetishtirish harakatidaman.

Ushbu mahallaning yana bir fuqarosi Faxriddin aka Shodiyevning faoliyati ham e’tiborga molik. U o‘z tomorqasining har so‘tig‘idan o‘rtacha 1 million so‘mdan daromad topmoqda. Sababi, F.Shodiyev ko‘p yillardan buyon xonadonida gilosning noyob navi hamda limon yetishtiradi.

Mirishkorlikni san’at, deb biladigan bog‘bon xonadonida bo‘lib, u kishining limonchilik borasida olib borayotgan ishlarini kuzatarkanmiz, bu tajriba haqiqatan e’tirofga loyiq ekaniga amin bo‘ldik.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Shu asosda yurtimizdagi fermerlar kengashlari O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sifatida qayta tashkil etildi. Qarorda belgilab berilganidek, fermer hamda dehqon xo‘jaliklari bilan birga tomorqa yer egalari mas’uliyatini oshirish bugungi kun talabidir. Zero, bu borada tomorqasidan mo‘may daromad topayotgan oilalar ish tajribasini ommalashtirish, 1 so‘tix yerdan olinayotgan o‘rtacha daromad ko‘lamini oshirish muhim sanaladi.