Bosh sahifa Yangiliklar “Yosh kitobxon” respublika tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi

“Yosh kitobxon” respublika tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi

0

Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da “Yosh kitobxon” respublika tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Mazkur bilimlar bellashuvida shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar qatnashdi.
Uch yosh toifasida o‘tgan tok-shou shaklidagi bahslarda kitobxonlarning bilimi va dunyoqarashi ikki shart bo‘yicha sinaldi. Birinchi shartda ular o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalarining hayoti, asarlari, yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Ikkinchi shartda esa asarlardan keltirilgan parchalarga qarab, uning nomi, muallifi, mazmuni haqida tushuncha berish talab etildi.
10-14 yosh toifasida 8 nafar ishtirokchi qatnashdi. Yosh kitobxonlar o‘rtasida kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni Navoiy shahri vakili Bahora Avazberdiyeva qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar karmanalik Nozimabonu Hamroyeva hamda zarafshonlik Nargiza Azimovalarga nasib etdi.
Tanlovning 15-19 yosh toifasida o‘tkazilgan bilimlar bellashuvi ham qiziqarli o‘tdi. Natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Karmana tumani 30-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Humoyun Mahkamov, 2-o‘rinni qiziltepalik Ra’no Nusratullayeva hamda 3-o‘rinni xatirchilik A’loxon Bobonorova egalladi.
— Bu tanlovda qatnashish uchun ko‘plab adabiyotlarni o‘qib chiqdim, — deydi tanlov g‘olibi H. Mahkamov. — Birinchi shartda taniqli yozuvchi Muhammad Alining ijodi va faoliyati xaqida, ikkinchisida esa o‘zim sevib o‘qigan “Alpomish” dostonining mazmuni xususida to‘xtaldim. Kitob o‘qishni yaxshi ko‘rganim uchun ham savollarga javob topishda qiynalmadim.
20-30 yosh toifasida qatnashgan kitobxonlar orasida esa eng murosasiz bahslar kuzatildi. Talabalar, o‘qituvchilar va uy bekalaridan iborat ishtirokchilar orasidan haqiqiy bilim egalarini saralab olish ancha mushkul kechdi. Shartlar yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni Zarafshon shahridagi 2-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Asliddin Jarkenov egalladi. Ikkinchi o‘rinni esa Nurota tumanining 58-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Faxriddin Qudratullayev qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Qiziltepa tumanidagi 5-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Go‘zal Karimovaga nasib etdi.
— Tanlovda aholining barcha qatlamlari faol ishtirok etayotgani quvonarli hol, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari D. Qodirov. — Ayniqsa, maktab o‘quvchilarining shijoati, kitob o‘qishga bo‘lgan intilishi barchamizni hayron qoldirdi. G‘oliblarimiz tanlovning keyingi bosqichida hududimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonaman.
G‘oliblarga diplom bilan bir qatorda noutbuk, planshet, 50 ta kitobdan iborat jamlanma ham taqdim etildi.

Nigora RO‘ZIYEVA